Tarixni eslash muqaddas amaldir...
«Kelajakni ko‘rmoqchi bo‘lsang, orqangga — o‘tmishga nazar tashla.»
«Odamzod borki, avlod-ajdodi kimligini, nasl-nasabini, o‘zi tug‘ilib voyaga yetgan qishloq, shahar, xullaski, Vatanining tarixini bilishni istaydi...»
Batafsil ochish«Kelajakni ko‘rmoqchi bo‘lsang, orqangga — o‘tmishga nazar tashla.»
Uchqo‘rg‘on nomining kelib chiqishi haqida xalq orasida qadimiy rivoyatlar saqlanib qolgan. Ushbu rivoyatga ko‘ra, daryo yaqinida joylashgan uch qo‘rg‘on, bu hududdagi dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik va savdo yo‘llari bilan bog‘liq tarixiy hayot keyinchalik joy nomining shakllanishiga asos bo‘lgan.
Batafsil ochish Uchqo‘rg‘on nomining kelib
chiqishi haqida xalq orasida turli rivoyatlar saqlanib qolgan. Men ham bu
hikoyani bir kishidan emas, bir necha insonlardan eshitganman. Ehtimol, bu
mavzu haqida bundan ham batafsilroq ma’lumotga ega yurtdoshlarimiz bordir. Agar
shunday bo‘lsa, bilganlaringizni qog‘ozga tushirib yoki kompyuterda yozib
adminga taqdim etsangiz, bu kelajak avlod uchun qimmatli tarixiy esdalik bo‘lib
xizmat qiladi.
Rivoyatga ko‘ra, qadim zamonlarda daryo yoyilib, suv oqimi biroz sekinlashadigan hudud yaqinida uchta qo‘rg‘on bo‘lgan. Ulardan bittasi daryoning chap tomonida, ikkitasi esa o‘ng tomonida joylashgan ekan. Bu yerda “qo‘rg‘on” deganda atrofi devor bilan o‘ralgan katta qal’a emas, balki bir-biriga yaqin joylashgan 10–15 ta uydan iborat kichik manzilgoh tushunilgan.
Qo‘rg‘onlarning tog‘ va adirliklar tugab, tekisliklar boshlanadigan, shu bilan birga daryoga yaqin hududda joylashgani bu yerlarda dehqonchilikning rivojlanishiga qulay sharoit yaratgan. Mahalliy aholi past-baland yerlarda chorvachilik bilan shug‘ullangan, suvga yaqin tekis maydonlarda esa dehqonchilikni rivojlantirgan.
Daryoning suv oqimi pasaygan joylarida odamlar bir qirg‘oqdan ikkinchi qirg‘oqqa sim tortib, solda o‘zlari hamda yuklarini olib o‘tishgan. Bu esa mazkur hududning nafaqat yashash, balki qatnov va savdo uchun ham qulay joy bo‘lganini ko‘rsatadi.
Qo‘rg‘onlar yaqinidan hududlarni bir-biri bilan bog‘lovchi asosiy yo‘l o‘tgani sababli, bu yerda temirchilik va hunarmandchilik ham rivoj topgan. Dehqonchilikda yetishtirilgan paxtani qayta ishlash sexlari mavjud bo‘lgan. Shu sexlar uchun uskunalar tayyorlash, dehqonchilik qurollarini yasash va kundalik ehtiyoj uchun buyumlar ishlab chiqarish natijasida temirchilik ancha taraqqiy etgan. Hunarmandlar tayyorlagan asbob-uskunalar, paxtadan yigirilgan ip va gazlamalarni ushbu hududdan o‘tgan karvon savdogarlari sotib olib, boshqa yurtlarga olib borib sotishgan.
Aytishlaricha, yo‘lga chiqqan kishilardan: “Qayerga ketyapsan?” yoki “Qayerdan o‘tasan?” deb so‘ralganda, ular: “Uch qo‘rg‘on tomondan”, deb javob berishgan. Bora-bora ana shu ibora joy nomiga aylanib, hudud “Uchqo‘rg‘on” deb atalgan.
Vaqt o‘tishi bilan aholi soni ko‘payib, turar joylar va binolar kengayib borgan. Natijada qadimgi qo‘rg‘onlarning aniq izlari asta-sekin bilinmay ketgan.
Keyinchalik O‘rta Osiyo hududlari Sovet Ittifoqi tarkibiga qo‘shilib, respublikalar chegaralari qaytadan belgilangan davrda, rivoyat qilinishicha, o‘sha uch qo‘rg‘ondan biri Qirg‘iziston hududida qolib ketgan.
Shu sababli Uchqo‘rg‘on nomi nafaqat geografik
atama, balki bu hududning qadimiy hayoti, yashash tarzi, dehqonchiligi,
hunarmandchiligi va savdo yo‘llari bilan chambarchas bog‘liq tarixiy xotira
sifatida ham qadrli hisoblanadi.